• 15:53 – "Долзарб 15 кунлик" 
  • 17:28 – Fermer xo‘jaligi tashkil etish tartibi 
  • 10:10 – Туманда пахта терими бошланди 
  • 09:45 – Туманда 2022 йил ҳосили учун кузги бошоқли дон экиш бошланди 

FARZAND TARBIYASIDA OTA-ONA VA MAKTAB HAMKORLIGI

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 23-avgustda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida umumta'lim maktablari o‘quv dasturiga “Tarbiya” fanini kiritish va oʻqitish tashabbusi ilgari surilgan edi. Bu xayrli tashabbus, chin ma'noda, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lmish yosh avlod tarbiyasi, ta'lim olishi, buyuk ajdodlarimizga munosib farzandlarni voyaga yetkazishdek hayotiy zarurat bilan chambarchas bogʻliq. Shu maqsadda maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etib, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” kabi fanlarni birlashtirgan holda “Tarbiya” fanini joriy etish zarurligi qayd etildi. Mazkur tashabbus roʻyobi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyulda “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va hozir shu asosda keng koʻlamli ishlar olib borilyapti.

Maʼlumki, tarbiya oʻz mazmun-mohiyati bilan milliy hamda umuminsoniy mazmunga egadir. Har bir jamiyat oʻz oldiga yetuk, har tomonlama kamol topgan, oʻzida ijobiy, oliyjanob fazilatlarni birlashtirgan avlodni tarbiyalashni orzu qiladi. Boisi, tarbiyasi ogʻir, maʼnaviyati qashshoq yoki maʼnaviyatdan mahrum boʻlgan odamdan biror ezgulik kutish mumkin emas. Chunki u yaxshilik va ezgulik haqida umuman oʻylamaydi. Atrofga, va hatto ota-onasi, qarindosh-urugʻlari taqdiriga ham befarq, loqayd holda yashaydi. Tarbiyali, maʼnaviyatli inson bugungi kun va kelajak haqida fikr yuritadi, shuningdek, kelgusi hayot va turmushning ravnaqi uchun oʻz hissasini qoʻshishga intiladi. Zotan, bugun xalqimizning “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” buyuk maqsadiga erishuvida maʼnaviyati yuksak, barkamol  insonlar zarur.

Mazkur masala oʻta dolzarb boʻlganligidan barcha zamonlar donishlari yoshlar tarbiyasi haqida bosh qotirib kelishgan. Masalan, buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan soʻzlari bor. Zardushtiylik ta'limoti uch asosiy axloqiy qoidaga tayanadi: “Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal”. Shu uchalasiga rioya qilgan odam zardushtlar nazdida kamolotga yetgan hisoblangan. Imom Buxoriy bu xususda yanada yorqinroq soʻz aytgan: “Bolaning tabiati rivojlanishga moyil boʻladi, uni qanday gʻoyalar bilan toʻldirish ota-ona va ustozga bogʻliq”.

Maktab ostonasiga oyoq qo‘yish har bir inson uchun nihoyatda katta hayotiy burilishdir. Mana shu davrdan boshlab bolalikning eng beg‘ubor onlariga bir qadar cheklanishlar kirib keladi. Endi bola oilada nafaqat oilaviy ba’zi burchlarni, vaholanki, o‘z shaxsi uchun zarur bo‘lgan xususiy vazifalarni bajarishi shart davrga o‘tadi. Bu bilan uning oiladagi roli bir qarashda kamayganday emas, aksincha ko‘paygan bo‘ladi. Ya’ni u o‘z obro‘sini endi nafaqat oila a’zolari o‘rtasida, aksincha, jamiyat o‘rtasida oila obro‘sini o‘z shaxsiy harakati bilan himoya qilish davri boshlanadi.

Maktab davrida turli vaziyatlar tufayli har xil tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin. Bunday vaziyatda ota-onalar farzandlariga o’qituvchisi haqida salbiy fikr bildirmasdan, balki qandaydir tushunmovchilik tufayli o’qituvchining noto’g’ri yo‘l tutganligini tushuntirishi lozim. Рedagog tomonidan qandaydir noo’rin ish sodir bo’lgan bo’lsa, ota-onalar buni farzandiga bildirmasdan, o’qituvchisi bilan alohida gaplashishi lozim. Sababi, bu hodisa o’quvchiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.

Ruhiy muhiti sog‘lom oila a’zosi bo‘lgan bolaning birinchi bor maktabga borishi qanchalik hayajonli bo‘lmasin, bola uchun jiddiy qiynchiliklar tug‘dirmaydi. Chunki maktabda o‘qituvchi hamma bolalarga bir ko‘z bilan qaraydi. Oilada ham bolaga maktabga borganligi munosabati bilan maktab uning o‘zi uchun kerak bo‘lgan burch ekanligini uqtirish kerak. Ana shunday yondashuvgina bolaga uy vazifalariga, maktabda berilgan topshiriqlarga shaxsiy burchi sifatida qarashga o‘rgatadi. 

O‘zini hurmat qilmaydigan shaxs boshqalarni ham hurmat qilmaydi, o‘z burchini sezgan shaxsda esa o‘z shaxsiga hurmat tuyg‘usi tobora ortib, shakllanib boradi.

Bu o‘rinda tarbiyaning, maktab va oila tarbiyasining bola shaxsiyatiga bir yo‘nalishda mutanosib olib borilishi jiddiy e’tiborga molik. Birgina misol keltiraylik:

Sobirning maktabdagi ilk kunlari. Onasi unga tanaffuslarda tashqariga toza havoga chiqqin, deya tayinlaydi. “Tez chopib, albatta, toza havoga chiqqin". Sobir esa   onasiga shunday deydi: “Tanaffuslar juda kichkina, qo‘ng‘iroq chalinadi, narsalarimni yig‘ishtirib, ko‘cha eshigiga yetgunimcha yana kirish qo‘ng‘irog‘i chalinadi”. 

“Narsalaringni tezroq yig‘ishtir, chopib chiqqin”.

“Eee, bilmaysizda, maktabda chopish mumkin emas”.

Mana bu misolda Sobirning onasi birgina so‘zni noaniqroq ishlatgani, maktab va oila talabining bola qalbida nomutanosib kelganiga uning bu muammoga hali javob topolmaganini ko‘rsatmoqda. Biz, kattalar bu nomutanosiblikni sezmay ham o‘tishimiz mumkin. Ammo, bola qalbi hali o‘ta musaffo bo‘lganligidan unga talab, tushuncha, qoida yoki oddiy bir so‘z va hokazo birinchi bor qanday yozilsa, yoki aytilsa, u uchun shunday tushuncha hosil bo`ladi. “Maktabda chopish mumkin emas”.

Boshlang‘ich sinf, ya’ni olti-to‘qqiz yoshli bolalar maktabgacha yoshdagi qiliqlarini endi takrorlashmaydi. Yosh bola o‘jarlik qilib piyolani otib yuborishi mumkin, bu holda u piyolaning sinishini o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ammo, bunday ishni boshlang‘ich sinf bolasi qilmaydi. U endi bunday qiliqni o‘ziga ep ko‘rmaydi, chunki atrof, boshqalar uning bunday harakatiga qanday baho berishini u biladi va shundan uyaladi. Bu o‘rinda insonni jamiyat orasida shaxs sifatida shakllantiruvchi eng katta tuyg‘ulardan biri, mana shu keng ma’nodagi ijtimoiy tushuncha bo‘lmish, boshqa jonzotlar orasida uchramaydigan uyat ekanligini bilishimiz va unutmasligimiz kerak.

Shuningdek, oilada bolani hech vaqt uyaltirmaslik va izza qilmaslik lozim. Har qanday inson boshqalar oldida uyalishni, uyalganlikni og‘ir esdan chiqaradi. Ko‘pchilik orasida izza bo‘lganligini bir umr esdan chiqarmasligi mumkin. Shunday ekan, oilangizda ruhiy muhit sog‘lom bo‘lsin, desangiz bolangizning hozirgina qilgan noo‘rin, xato, adashilgan, anglashilmovchilik yuzasidan, uning tajribasizligidan kelib chiqqan xatti-harakatini qoralab uni jazolab o‘tirmang, ayniqsa, voqeani yuziga solib, izza qilmang. Shu borada agar bu voqeadan uning biror tanishi voqif bo‘lishi xavfi bo‘lsa, kechinma yanada kuchliroq tus olishi mumkin. Bolani xato bo‘lishi mumkin bo‘lgan ishlardan ogohlantirib, tarbiyalab borsangiz, uning oiladagi o‘rnini mustahkamlagan bo‘lasiz.

Latofat CHORSHANBAYEVA, 

15-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi.

 

Туман хаётига оид энг сўнгги янгиликлар каналига обуна бўлинг!

Изоҳ қолдириш
  • Изоҳлар
  • Бугун
  • Читаемое
Ижтимоий тармоқларда